Русский | English 
    Bosh sahifa  Elektron pochta 


TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

     

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Ta'lim tizimini rivojlantirishda ta'lim bosqichlari o‘rtasidagi integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi tizimi kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.

Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq, milliy ta'lim tizimining huquqiy asoslari shakllantirildi va uning yagona, uzluksiz modeli yaratildi. O‘zbekistonda MDH mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib, ta'lim tizimini tubdan isloh qilish, shuningdek, uzluksiz ta'lim tizimini shakllantirishga oid huquqiy asoslar yaratildi. 1997 yilda mamlakat Prezidenti tashabbusi va rahnamoligida O‘zbekiston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilindi. O‘z mazmun va mohiyatiga ko‘ra Kadrlar tayyorlash milliy dasturi 12 yillik ta'limga o‘tish va uzluksiz ta'limning yaxlit tizimini yaratishni ko‘zda tutgan.

Har tomonlama yetuk va mustaqil fikrlaydigan shaxsni shakllantirish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, o‘z navbatida kasbiy fanlarni chuqur o‘zlashtirishni, yetarli darajada kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishni, umumkasbiy va maxsus fanlarni turli bosqichlarida uzviylik va uzluksizlikni ta'minlashni taqazo etadi. Uzluksiz ta'lim tizimini joriy etishning eng samarali omillaridan biri uning bosqichlari o‘rtasida mantiqiy uzviylik va yaxlitlikni ta'minlashdir.

Ta'lim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan ishlar va bajarilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar xususida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2013 yilning asosiy yakunlari va 2014 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi “2014 yil yuqori o‘sish sur'atlari bilan rivojlanish, barcha mavjud imkoniyatlarni safarbar etish, o‘zini oqlagan islohotlar strategiyasini izchil davom ettirish yili bo‘ladi” mavzusidagi ma'ruzasida to‘xtalar ekan, “.....2013 yilda ta'lim-tarbiya sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta'lim standartlari va dasturlarini takomillashtirish, maktablar, litsey va kollejlar, oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash masalalariga katta e'tibor berildi. O‘tgan yili biz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lmish kasb-hunar kollejlarining 500 ming nafardan ortiq bitiruvchisi ish bilan ta'minlandi va aytish joizki, buning ahamiyatini baholashning o‘zi qiyin. O‘z xususiy ishini ochib, biznes bilan shug‘ullanishga qaror qilgan kollej bitiruvchilariga 140 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli mikrokreditlar ajratildi.

2014-yilda ta'lim-tarbiya sohasida 380 ta umumta'lim maktabi hamda 161 ta kasb-hunar kolleji va akademik litseyni rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash uchun 410 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda. Joriy yilda mehnat sohasiga qariyb 500 ming nafar yosh yigit-qizlar – 2-3 tadan mutaxassislikni va ish ko‘nikmalarini egallagan, olgan bilimlarini iqtisodiyotimizning turli sohalarida, xizmatlar va boshqaruv jabhasida qo‘llashga tayyor bo‘lgan kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilari kirib keladi. Kasb-hunar kollejlarining o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarini yuksak texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar va o‘quv texnikasi bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratish zarur”, deb e'tirof etdi.

Shundan kelib chiqib, konferensiya ishida ta'lim bosqichlari o‘rtasidagi integratsiya jarayonlarini rivojlantirishning asosiy jihatlari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi tizimini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari, oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limini o‘zaro hamkorligini rivojlantirish muammolari va uning dolzarb vazifalari, innovatsion ta'lim texnologiyalaridan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlari, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi tizimi bitiruvchilari bandligini ta'minlashning muammo va yechimlari kabi masalalar keng muhokama qilindi.

Ushbu konferensiyaning maqsadi aynan yuqorida qayd etilgan ta'lim tizimini rivojlantirishda ta'lim bosqichlari, kasb-hunar kollejlari hamda ularga uslubiy va amaliy ko‘mak beruvchi oliy ta'lim muassaslari, kasb-hunar kollejlari pedagogkadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazlari, shuningdek ish beruvchilar o‘rtasidagi integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish borasida fikr almashish, mushohada yuritish, ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.


Manzil: 100003, Toshkent shahri, O’zbekiston shoh ko’chasi 49 uy
Telefon: (0 371) 239-01-49, Faks: (0 371) 239-41-23
Elektron pochta manzili: tdiu@tdiu.uz
Sayt xaritasi | Ro'yxatdan o'tish | Kirish
© 2012 - 2017 TDIU. Axborot Texnologiyalari Markazi