Русский | English 
    Bosh sahifa  Elektron pochta 


TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

     

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Mintaqalar tashqi iqtisodiy faoliyatini innovatsion rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy tadqiqot markazi tomonidan tashkil etildi.

Global jahon iqtisodiyotidagi jiddiy muammolar hamda ularning dunyodagi ko‘plab mamlakatlar qatorida respublikamiz iqtisodiyotiga ham ko‘rsatayotgan salbiy ta'siriga qaramay, so‘nggi yillarda yuqori va barqaror o‘sish sur'atlarini saqlab, makroiqtisodiy barqarorlik va mutanosiblikni ta'minlaganimiz o‘ziga xos ijobiy ko‘rsatkich bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari”ga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma'ruzasida ta'kidlab o‘tilganidek, “Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8 foizga o‘sdi, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,8 foizga, qishloq xo‘jaligi 6,8 foizga, chakana savdo aylanmasi 14,8 foizga oshdi. Inflyasiya darajasi prognoz ko‘rsatkichidan past bo‘ldi va 6,8 foizni tashkil etdi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tashqi davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 17 foizni, eksport hajmiga nisbatan qariyb 60 foizni tashkil etdi. Bu, avvalo xorijiy investitsiyalar va umuman, chetdan qarz olish masalasiga chuqur va har tomonlama puxta o‘ylab yondashish natijasidir.

Iqtisodiyotimiz tarkibidagi chuqur o‘zgarishlar mamlakatimiz eksport salohiyatini mustahkamlash, eksport hajmini barqaror oshirish va uning tarkibida ijobiy o‘zgarishlarga erishishda eng muhim omilga aylandi.

Jahon bozoridagi kon'yunkturaning beqarorligiga qaramay, 2013 yilda eksport hajmining o‘sishi 10,9 foizdan iborat bo‘ldi. Tashqi savdo faoliyatidagi ijobiy saldo 1 milliard 300 million dollarni tashkil etdi. 2013 yilda qimmatbaho metallar narxining keskin pasayganiga qaramay, mamlakatimiz oltin-valyuta zaxirasi o‘tgan yil davomida 2 foizga ko‘paydi.

So‘nggi yillarda eksport tarkibida raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ulushi barqaror sur'atlar bilan o‘sib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. 2013 yilda umumiy eksport hajmining 72 foizdan ortig‘i tayyor tovarlar hissasiga to‘g‘ri kelgani iqtisodiyotimiz diversifikatsiya qilinayotganining yaqqol dalolati, desam, xato bo‘lmaydi.

Mahsulot eksport qiladigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlarning amalga oshirilgani eksport faoliyatiga 450 dan ziyod yangi korxonani jalb etish imkonini berdi. Bu borada Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida barcha hududlarda o‘z filiallariga ega kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2014 yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari

  1. Yuqori sur'atlar bilan o‘sib borishini ta'minlash, buning uchun mavjud barcha rezerv va imkoniyatlarni safarbar etish borasida qabul qilingan strategiyani davom ettirish.
  2. Sanoat sohasida yuksak texnologiyalarga asoslangan va zamonaviy muhim ob'ektlar va quvvatlarni ishga tushirish, investitsiyalarni oshirish va takomillashtirish
  3. Mamlakatda raqobat muhitini shakllantirish
  4. Ishbilarmonlik – biznes yuritish uchun amaliy qulay sharoit tug‘dirib berish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish
  5. Ijtimoiy sohani rivojlantirish, ish joylarini shakllantirish va aholi bandligi, uy-joylar qurish va aholi punktlarini obodonlashtirish, ta'lim-tarbiya jarayonlari va sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh etish va takomillashtirish ”

Mamlakatimiz rahbarining ushbu ko‘rsatmalaridan, iqtisodiyotimizning barcha tarmoq va sohalarini jahon bozoriga olib chiqish va uning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishda innovatsiyalarni yaratish hamda ulardan tezkorlik bilan mohirona foydalanish zarur degan xulosa qilish lozim.

Mazkur “Mintaqalar tashqi iqtisodiy faoliyatini innovatsion rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ham shular jumlasidandir. Unda mintaqalar tashqi iqtisodiy faoliyatini strategik va innovatsion rivojlantirishning zamonaviy konsepsiyasi, bank, moliya va soliq masalalari, transport va axborot kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning dalzarb masalalari, mintaqalar eksport salohiyatini oshirishda xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi muammolar yechimini topish borasida fikr almashish, mushohada yuritish va tavsiyalar ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Ilmiy anjumanni o‘tkazish uchun asos bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari yoki boshqa manbalar.

Ilmiy anjumanni o‘tkazishda manba sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi “2014 yil yuqori o‘sish sur'atlari bilan rivojlanish, barcha mavjud imkoniyatlarni safarbar etish, o‘zini oqlagan islohotlar strategiyasini izchil davom ettirish yili bo‘ladi” nomli ma'ruzasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar, O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 20 dekabr, O‘RQ–341-sonli “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida” gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 15 dekabr, PQ-1442-sonli “2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida” gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 8 avgustdagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 29 yanvar, PQ-1913-sonli “Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatdoshliligini yanada oshirish va tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida” gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabr, 379-sonli “Tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartibotlarni liberallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Qarori asos bo‘ladi.

Anjumanning ilmiy yo‘nalishi, maqsadi va vazifalari.

Anjumanning ilmiy yo‘nalishi sanoat tarmoqlarini innovatsion rivojlantirish bo‘lib, uning maqsadi: Respublikamiz sanoat tarmoqlarini innovatsion rivojlantirish, raqobatbardosh eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.

Muhokama qilinadigan muammolar:

  • Mintaqalar tashqi iqtisodiy faoliyatini innovatsion rivojlantirishning zamonaviy konsepsiyasi;
  • Mintaqalar tashqi iqtisodiy faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish strategiyasi;
  • Mintaqalar tashqi iqtisody faoliyatini rivojlantirishda bank, moliya va soliq masalalari;
  • Mintaqalar eksport salohiyatini oshirishda xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari;
  • Mintaqalar tashqi iqtisodiy faoliyatida transport va kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning dalzarb masalalari;
  • Tashqi iqtisodiy faoliyatni samarali tashkil etishda axborot-kommunikatsion texnologiyalarning o‘rni;
  • Tashqi iqtisodiy jarayonlarni modellashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari;
  •  Mintaqalar tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishning boshqa yo‘nalishlari.

           Tahlillar asosida ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish va konferensiya materiallarini chop etishdan iboratdir.

Anjumandan kutilayotgan natija.

Anjumandan kutilayotgan ilmiy-amaliy natija mamlakatimiz xuxudlarida tashqi iqtisodiy faoliyatni innovatsion rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish, korxonalar o‘rtasida sog‘lom raqobat va musobaqa muhitini shakllantirish, innovatsion texnologiyalar, tashqi iqtisodiy faoliyat, marketing, menejment yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash darajasi hamda sifatini yanada oshirish borasida aniq takliflarni ishlab chiqish, bu borada ta'lim va ishlab chiqarish tizimida ijtimoiy va tizimlararo hamkorlikni rivojlantirishda duch kelayotgan muammolarni aniqlash va uni hal etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iboratdir.

Anjumandan kutilayotgan ijtimoiy natija xududlarni tashqi iqtisodiy faoliyatini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar va ishlab chiqiladigan ilmiy taklif hamda amaliy tavsiyalar orqali mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini yaratadi. Bu o‘z navbatida, mamlakat iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va mamlakat aholisi bandligini ta'minlashning muhim shartlaridan hisoblanadi hamda aholi farovonligini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Anjumanni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi, “O‘zbeklizinginterneyshnl AJ” kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutasaddi rahbarlari, mas'ul mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etadi.


Manzil: 100003, Toshkent shahri, O’zbekiston shoh ko’chasi 49 uy
Telefon: (0 371) 239-01-49, Faks: (0 371) 239-41-23
Elektron pochta manzili: tdiu@tdiu.uz
Sayt xaritasi | Ro'yxatdan o'tish | Kirish
© 2012 - 2017 TDIU. Axborot Texnologiyalari Markazi