Русский | English 
    Bosh sahifa  Elektron pochta 


TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

     

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Turizm” kafedrasi “O’zbekturizm” MK bilan hamkorligida o’tkazilgan “Iqtisodiyotni modernizatsiyalashtirish sharoitida turizm infrastrukturasini rivojlantirish va ekoturizmning ahamiyatini oshirish yo’llari” mavzusidagi xalqaro  ilmiy-amaliy anjumanning

HISOBOTI

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 22 yanvardagi 25-f-sonli Farmoyishiga binoan, 2013 yil 8 oktyabr kuni “Iqtisodiyotni modernizatsiyalashtirish sharoitida turizm infrastrukturasini rivojlantirish va ekoturizmning ahamiyatini oshirish yo’llari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o’tkazildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning maqsadi: turistik tarmoqlar salohiyati va infratuzilmasi rivojining zamonaviy tendentsiyalari bilan keng jamoatchilikn tanishtirish, turizm sohasida bandlikni bosqichma-bosqich kengayib borishini ta’minlash, xorij tajribasini o’rganishni amalga oshirishdir.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning asosiy vazifalari O’zbekiston va xorijiy davlatlarda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo’yicha tajriba almashish, kadrlarni o’qitish tizimida malaka oshirish va turizm infrastrukturasini modernizatsiya qilish bo’yicha fikr almashish, texnik va innovatsion yangilanishning ustuvor yo’nalishlarini aniqlash, ekoturizm salohiyati va uning samaradorligini oshirishning  zamonaviy imkoniyatlarini tadqiq etishdan iborat.

Shuningdek, dunyoda tez sur’atlarda rivojlanib borayotgan turizm turlaridan biri hisoblangan ekologik  turizmni xorijiy mamlakatlarda rivojlanishini o’rganib chiqish, uni tahlil qilib mamlakatimizda mavjud keng imkoniyatlardan oqilona foydalanilgan holda ekologik turizmni rivojlantirish kontseptsiyasini takomillashtirishda xorijlik mutaxassislar bilan o’zaro fikr va tajriba almashinishdan iboratdir.

2. Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ko’rilgan asosiy mavzular va masalalar quyidagilardan iborat:

  • Turizm infrastrukturasini modernizatsiya qilish, texnik va innovatsion yangilanishning ustuvor yo’nalishlari.
  • Turizm sohasini rivojlantirishda malakali kadrlarni tayyorlash masalalari.
  • Turizm infrastrukturasi rivojining zamonaviy jarayonlari va uning iqtisodiy barqarorlikka ta’siri.
  • Turizm infrastrukturasi rivojining moliyaviy-investitsion strategiyasi.
  • Ekoturizm salohiyati va uning samaradorligini oshirishning ustuvor yo’nalishlari.

3.Vazirlik, idora va tashkilotlar olim va mutaxassislarning, yosh olimlar, magistrant va talabalarning ishtiroki.

Xalqaro anjumanni TDIU ilmiy ishlar bo’yicha prorektori U.Burxanov ochib berdi.

Shuningdek, anjuman ochilishiga bag’ishlangan tabrik so’zlari bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy va maxsus ta’lim vaziri o’rinbosari B.Usmanov va “O’zbekturizm” MK raisi F.Rizaev ishtirok etdilar.

O’tkazilgan anjumanning yalpi majlisida quyidagi ma’ruzalar tinglandi:

  1. Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) ijrochi direktori – Zoltan Samogi – “Turizm infratulmasini rivojlanishi va ekoturizmning o’rni: jahon tajribasi”.
  2. O’zbekiston Respublikasi Oliy majlisning Qonunchilik palatasining Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish masalalari qumitasi rais o’rinbosari Polat Reymov – O’zbekistonda ekologik turizmni rivojlantirish istiqbollari: qonunchilik omillari.
  3. Malayziyaning O’zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi Abdul Aziz bin Xarun – “Turizm industriyasining rivojlanishi: Malayziya tajribasi”.
  4. Indoneziya Respublikasining O’zbekistondagi muxtor elchisi – Moxamad Asruxin  “Indoneziyada turizm industriyasining rivojlanishi”.
  5. Turkiyaning  O’zbekistondagi elchixonasi, ta’lim va madaniyat bo’yicha attashesi – Jixan Varlik – “Ekoturizmning Turkiyada rivojlanish tajribasi”.
  6. Ozarbayjon Respublikasi  O’zbekistondagi elchixonasi ta’lim, madaniyat va turizm bo’yicha attashesi Samir Abbasov – “Ozarbayjonning turizm sohasida yutuqlari”.
  7. O’zbekiston eko-harakati Kengashining rais o’rinbosari Saidrasul Sanginov – “Nodavlat notijorat tashkilotlarining O’zbekiston ekoturizmning rivojlanishidagi o’rni”.
  8. O’zbekiston Respublikasi Turistik tashkilotlar assotsiatsiasi raisi Otabek Djalilov – “Xalqaro turizmining  muammolari va rivojlanishi istiqbollari”.
  9. Le Grande Plaza mehmonxonasi bosh direktori Djokum Fedelias Gratsias – “Xalqaro kompaniyalar va O’zbekiston turistik korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlash samaradorligi”.
  10. UNDP xalqaro tashkilotining GEF SGP dasturlari koordinatori Aleksey Volkov - “Milliy turizmning rivojlanishida ekoturizmning o’rni”.

Undan so’ng, anjuman shu’balarda o’z faoliyatini davom ettirdi. Shu’balarda xalqaro anjuman mavzusi doirasida ma’ruzalar tinglandi. Shu’balar ish faoliyatida oliy ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilari, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar, amaliyotning etuk mutaxassislari tomonidan ma’ruzalar qilindi.

Anjuman ishtirokchilari Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Frantsiya, Ozorboyjon, Hindiston va boshqa xorijiy mamlakatlarda turizm infrastrukturasi rivojlantirish, turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ekoturizm yo’nalishida olib borilayotgan ishlar,  qo’lga kiritilgan  yutuqlar bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratilgan qiziqarli ma’ruzalarni tinglab muhokama qilishdi.

Shuningdek, O’zbekistonda “Buyuk ipak yo’li bo’ylab” ekoturizm yo’nalishlarini rivojlantirish istiqbollariga alohida to’xtalib o’tildi.

4.Anjumanning yakunlari bo’yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar, tavsiyalarni amalga oshirishga yo’naltirilgan chora-tadbirlar va ular natijasida kutilayotgan ilmiy, amaliy, ijtimoiy va iqtisodiy samaradorlik.

Anjuman ishi faoliyati davomida ishlab chiqilgan tavsiyalar O’zbekistonda turizm infrastrukturasini takomillashtirish, turizm sohasi uchun malakali kadrlarni tayyorlash, ekologik turizmni rivojlantirish, turistik korxonalar faoliyatini samaradorligini oshirishga oid muammolarni hal qilishga yo’naltirilgan. Anjumanning samaradorligi unda ko’tarilgan muammolar hamda mazkur muammolar  echimi bo’yicha keltirilgan tavsiyalar va takliflar istiqbolda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish, mehmonxonalar va turistik firmalar faoliyatini takomillashtirishni ta’minlashda katta ahamiyat kasb etadi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki tabiat, inson va jamiyat o’rtasidaggi nomutanosibliklarga barham berish, ekologik  barqarorlikka erishish uchun ekologik ta’lim-tarbiya masalalariga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko’tarilganligi bugun o’z samarasini bermoqda. Xususan, ushbu yo’nalishdagi olib borilayotgan faoliyat natijasida O’zbekistonda ekoturizm yo’nalishi o’zining rivojlanish va taraqqiyot yo’liga  chiqib olganligi diqqatga sazovordir. Ayni paytda mamlakatimizda o’nlab sayyohlik  firmalari, qator nodavlat notijorat tashkilotlari ekoturizm salohiyati oshirish yo’lida faoliyat  ko’rsatmoqda. Lekin, O’zbekistonda ekoturizm salohiyatini oshirish uchun foydalanilmagan imkoniyatlar juda ko’p. Tarmoqda fan bilan amaliyot o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, xorij tajribasi asosida ekoturizm infratuzilmalarini shakllantirish, xalqaro andozalar darajasiga etkazish borasida amalga oshirilishi zarur bo’lgan ishlar ko’lami juda kengdir.

Shu bilan birgalikda, qabul qilingan qaror va tavsiyalardan foydalanish mamlakatimizda turizm infrastrukturasi, turizm sohasi uchun malakali kadrlarni tayyorlash va ekologik turizmni rivojlantirish istiqbollarini takomillashtiradi. Shuningdek, mehmonxonalar bandligi tufayli davlat byudjetiga daromad kelib tushishi oshadi, aholini ish bilan bandiligi ta’minlanadi va turmush darajasi yaxshilanadi.

O’zbekiston ko’plab xududida ekologik turizm bo’yicha turistik yo’nalishlar ishlab chiqish, milliy bog’larda, qo’riqxonalarda, tog’li xududlarda ekskursiyani tashkil qilish, bu borada davlat turizm idoralari, turistik firmalar, mehmonxonalar, transport xizmatlari, ovqatlanish korxonalari va  yuqori sifatli xizmat ko’rsatishni qo’llab-quvvatlashni muhim vazifa hisoblanadi.


Manzil: 100003, Toshkent shahri, O’zbekiston shoh ko’chasi 49 uy
Telefon: (0 371) 239-01-49, Faks: (0 371) 239-41-23
Elektron pochta manzili: tdiu@tdiu.uz
Sayt xaritasi | Ro'yxatdan o'tish | Kirish
© 2012 - 2017 TDIU. Axborot Texnologiyalari Markazi