Русский | English 
    Bosh sahifa  Elektron pochta 


TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

     

2015 yil 30 sentyabrda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari bilan hamkorlikda universitetning “Bank ishi” kafedrasi tomonidan “Moliya bank tizimi barqarorligini ta'minlashning xalqaro standartlari va uni O‘zbekistonda joriy qilish imkoniyatlari” mavzusida iqtidorli talabalarning ilmiy seminari o‘tkazildi.

Ilmiy seminarda AT “Xalq bank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari V. Zokirov, ATB “Mikrokreditbank” kredit bo‘limi boshlig‘i J. Maxmudov, AT “Trastbank” kredit bo‘limi boshlig‘i O. To‘laganov va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori K. Axmedjanov, “Bank ishi” fakulteti dekani M. Tashxodjayev, “Bank ishi” kafedrasi mudiri R. Tojiyev, fakultet dekan muovinlari, professor-o‘qituvchilar hamda “Bank ishi” fakulteti iqtidorli talabalari ishtirok etishdi.  

Ilmiy seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2015 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida “2015-yilda iqtisodiyotimizda tub tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, modernizatsiya va diversifikatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish hisobidan xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berish - ustuvor vazifamizdir” mavzusidagi ma'ruza tijorat banklaridan tashrif buyurgan mutaxassislar tomonidan muhokama qilindi.

Ushbu ma'ruzada moliya bank tizimi barqarorligini ta'minlashning xalqaro standartlari va uni O‘zbekistonda joriy qilish imkoniyatlari to‘g‘risidagi yo‘nalishlarning ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

Dotsent R. Tojiyev Prezidentimiz ma'ruzasi asosida quyidagi ma'lumotlarni berib o‘tdi: Prezidentimiz I.A. Karimov o‘z ma'ruzasida mamlakatimiz moliya bank tizimidagi kelishilgan ijobiy natijalar bo‘yicha quyidagilarni ta'kidlab o‘tib, bank tizimidagi islohotlar iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur'atlarini ta'minlashda eng muhim omil bo‘ldi. Buning natijasida tijorat banklarining jami kapitali 25 foizga oshdi. Bank tizimining mustahkamlanishi 2014-yilda Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini 12 foizdan 10 foizga, tijorat banklarining kreditlar bo‘yicha foiz stavkasini ham shunga mos ravishda kamaytirish uchun zarur imkoniyatlar tug‘dirdi. Banklar tomonidan faqat ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan kreditlar hajmi 2013-yilga nisbatan 1,2 barobar, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratilgan kreditlar esa 1,3-martadan ziyod oshdi.

So‘nggi yillar davomida «Mudis», «Standart and Poors» va «Fitch Ratings» kabi yetakchi reyting agentliklari O‘zbekiston bank tizimi faoliyatini «barqaror» deb baholamoqda. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, agar 2011-yilda mamlakatimizning 13 ta tijorat banki yuqori reyting baholariga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda respublikamizning barcha 26 ta banki ana shunday bahoga loyiq ko‘rilganligini ta'kidlab o‘tdilar.

Prezidentimiz o‘z ma'ruzalarida ta'kidlab, bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida shiddat bilan sodir bo‘layotgan jarayonlar va birinchi navbatda, qarama-qarshiliklarning kuchayib borayotgani, jahon bozorlaridagi vaziyatning tez o‘zgarayotgani, hali-beri davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi va uning oqibatlari, dunyoning ko‘plab davlatlarida investitsiya faolligining susayishi va o‘sish sur'atlarining pasayishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham o‘zining salbiy ta'sirini o‘tkazmasdan qolmasligi haqida to‘xtaldi.

2015 yilda bank tizimini isloh qilish va yanada rivojlantirishda asosiy e'tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi PQ-1438-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «2011 - 2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar» dasturida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining bank tizimiga oid boshqa qarorlarida belgilab berilgan vazifalarning sifatli bajarilishini ta'minlashga qaratiladi.Shuningdek, 2015 yil uchun bank tizimini isloh qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2014 yil 28 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2013 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida»gi SQ-440-II-sonli Qarorida bank tizimi oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifa va topshiriqlarning ijrosi inobatga olingan.

Xususan, ushbu vazifalar doirasida 2015 yilda respublika bank tizimining barqarorligini yanada oshirish, bank nazorati tizimini Bazel qo‘mitasining yangi tavsiyalari asosida takomillashtirish, tijorat banklarining resurs bazasini yanada mustahkamlash, ularning investitsion faolligini kuchaytirish hamda yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash bo‘yicha investitsion loyihalarni moliyalashtirishda banklarning ishtirokini yanada kengaytirish kabi muhim chora-tadbirlarni davom ettirish rejalashtirilmoqda.

Bunda bank tizimini yanada rivojlantirish borasidagi tadbirlar quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi:

Tijorat banklari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish tizimini xalqaro andoza va me'yorlar, shu jumladan, bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining yangi tavsiyalari asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish. 2015 yilda bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining bank likvidligi borasidagi yangi tavsiyalariga («Bazel-III» talablariga) muvofiq, respublika bank tizimi likvidligini yanada mustahkamlash maqsadida 2015 yilning 1 yanvaridan boshlab likvidlikni ta'minlash borasidagi mavjud talablarni bajarish muddati 30 kundan ortiq bo‘lgan majburiyatlar bo‘yicha qo‘shimcha me'yorlarni joriy qilish hisobiga yanada kuchaytirilib boriladi.

Ilmiy seminar yakunida talabalar o‘z savollari bilan bank xodimlariga murojaat qilishdi hamda qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Mazkur ilmiy seminar yakunida universitetning professor-o‘qituvchilari, talabalar va bank mutaxassislari bilan bunday seminarlarni muntazam o‘tkazib turish to‘g‘risida kelishib olindi.


Manzil: 100003, Toshkent shahri, O’zbekiston shoh ko’chasi 49 uy
Telefon: (0 371) 239-01-49, Faks: (0 371) 239-41-23
Elektron pochta manzili: tdiu@tdiu.uz
Sayt xaritasi | Ro'yxatdan o'tish | Kirish
© 2012 - 2017 TDIU. Axborot Texnologiyalari Markazi