Русский | English 
    Bosh sahifa  Elektron pochta 


TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

     

Ta'lim dargohimizda “O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning nazariy asoslari va ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi depuptatlari, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, O‘zstandart agentligi, “Ijtimoiy fikr” markazi vakillari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professor-o‘qituvchilari, katta ilmiy xodim-izlanuvchilari, magistrant va iqtidorli talabalari ishtirok etdi.

Anjumanning ilmiy yo‘nalishi O‘zbekistonda oziq ovqat xavfsizligini ta'minlash asosida aholi talablarini qondirish bo‘lib, uning maqsadi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning jahon tajribasi asosida O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini shakllantirishning nazariy asoslarini rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarini takomillashtirish, xalqaro bozorda O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashi bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Tadbirda ta'kidlanganidek, bugungi globallashuv davrida oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta'minlash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni hayotga izchil tatbiq etishning mustahkam tashkiliy-huquqiy asoslari yaratilgani fuqarolarning sog‘lom hamda farovon hayot kechirishini kafolatlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Binobarin, mustaqillikning ilk yillaridanoq aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilib, bu borada olib borilayotgan izchil va bosqichma-bosqich islohotlar o‘z samarasini bermoqda.

Yurtimizda oziq-ovqat ishlab chiqarish sanoati jadal rivojlanmoqda. Agrosanoatni modernizatsiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi tobora ortib bormoqda. Shuning barobarida, aholini yil davomida meva-sabzavotlar bilan uzluksiz ta'minlash maqsadida zamonaviy andozalar asosida issiqxonalar bunyod etish, bog‘lar, tokzorlar maydonini kengaytirish, yetishtirilgan hosilni kuz-qish davrida sifatli saqlash imkonini beruvchi omborxonalar barpo etish sa'y-harakatlari ham alohida e'tibordaki, bu oziq-ovqat mahsulotlari ta'minotining barqarorligiga, boshqacha aytganda, aholi dasturxoni farovonligiga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda davlat ehtiyojlari uchun paxta hamda boshoqli don ekin maydonlarining qisqartirilishi va ularning o‘rniga donli, sabzavot, poliz hamda kartoshka ekinlari ekilishi jahonda davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida ichki iste'mol bozorini yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror to‘ldirish, ayniqsa, qish-bahor mavsumlarida meva-sabzavotlar serob bo‘lishiga mustahkam poydevor yaratmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan 10 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich 1991-yilga nisbatan 10 barobardan ham ortiqroqni tashkil etadi. Hozirgi kunda O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligi reytingida dunyoda 64 o‘rinni egallaydi.

Aholi turmush farovonligini va sifatini yanada oshirish, aholini oziq-ovqat bilan to‘laqonli ta'minlash masalalari oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash muammosi bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu boisdan, O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirish asosida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning nazariy asoslarini va ustuvor yo‘nalishlarini ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan tadqiq etish zarurati mazkur ilmiy-amaliy anjuman mavzusining dolzarbligini belgilab beradi.

Ilmiy-amaliy anjuman davomida “Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning nazariy asoslari va ustuvor yo‘nalishlari”, “O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda bank-moliya tizimining o‘rni”, “Qishloq xo‘jaligida qayta ishlash sanoatining oziq-ovqat xavfsizligini ta'mishlashdagi ahamiyati”, “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashda kichik biznesning o‘rni va roli”, “Xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tendensiyalari va ularning xavfsizligini ta'minlash yo‘nalishlari kabi mavzular muhokama qilindi.

Ilmiy-amaliy anjumanda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi o‘rtasida Innovatsion hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Muallif: 16.12.2016 Qo‘shbaqov Aybek Shovqiyevich

Manzil: 100003, Toshkent shahri, O’zbekiston shoh ko’chasi 49 uy
Telefon: (0 371) 239-01-49, Faks: (0 371) 239-41-23
Elektron pochta manzili: tdiu@tdiu.uz
Sayt xaritasi | Ro'yxatdan o'tish | Kirish
© 2012 - 2017 TDIU. Axborot Texnologiyalari Markazi