Русский | English 
    Bosh sahifa  Elektron pochta 


TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

     

     O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 5-moddasida “O’zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o’z davlat ramzlari – bayrog’i, gerbi va madhiyasiga ega” ekanligi qonunan mustahkamlab qo’yilgan. Davlatimiz ramzlari, hususan, bayrog’imiz har birimiz uchun muqaddas. U halqimiz tarixi, buguni va kelajagini o’zida mujassam etgan yorqin timsolimizdir. Bayroq – davlat suverenitetining belgisi hamdir.

O’zbekiston Respublikasining davlat bayrog’i O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o’tkazilgan VII sessiyasida 1991 yil 18 noyabr kuni tasdiqlangan. Bayrog’imiz tasviri mamlakat hududida ilgari mavjud bo’lgan g’oyat qudratli saltanatlar bayroqlariga xos bo’lgan eng yaxshi an'analarni davom ettirgan. Shu bilan birgalikda respublika tabiatiga xos xususiyatlari, xalqimizning milliy va madaniy o‘zligini o’zida aks ettiradi.

O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning: “Milliy timsollar va ramzlarning har biri milliy g’ururimizni yuksaltirishga xizmat qiladi. Ularning har biri katta bir darslik. Kuchli tarbiya vositasidir”, -deya ta'kidlab o’tgan so’zlari o’tkazilgan tadbirning naqadar muhimligini ko’rsatib beradi.

O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i  qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “O’zbekiston tarixi” kafedrasi tomonidan 7 bino majlislar zalida 2016 yil 18 noyabr kuni “Bayrog’imiz – faxrimiz, g’ururimiz!” mavzusida davra suhbati o’tkazildi. Davra suhbatida universitet professor-o’qituvchilari, talaba-yoshlar hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Mazkur davra suhbatini o’tkazishdan asosiy maqsad O’zbekistonda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda milliy davlat ramzlarining o’rni va ahamiyatini keng targ’ib qilish, yoshlar qalbida davlat ramzlariga nisbatan milliy g’urur va iftixor tuyg’ularini muntazam shakllantirib borishdan iboratdir.

O’tkazilgan davra suhbatini Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Xalqaro turizm” fakulteti dekani, iqtisod fanlari nomzodi Rasulov Nodirbek Madraximovich kirish so’zi bilan ochib berdi.

Shundan keyin Toshkent viloyati xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti katta o’qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi Shamsiddin Jumaev so’zga chiqib davlat suverenitetining muhim ramzi bo’lgan bayrog’imiz haqida ma'ruza qildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “O’zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi katta o’qituvchisi Aliqul Rahmonov ham so’zga chiqib, milliy davlatchiligimizda davlat ramzlarining, ayniqsa, bayrog’imizning o’rni va ahamiyati haqida gapirib o’tdi.

Ma'ruza tugaganidan so’ng Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqish va sahna ko’rinishlari namoyish etildi.

Yig`ilishda ishtirok etgan professor-o`qituvchilar talabalar tomonidan berilgan savollarga javob berishdi.

Tadbir yakunida millatimiz, ayniqsa yoshlarimizda milliy g’urur tuyg’ularini kamol toptirishda muhim ahamiyatga molik bunday tadbirlarni o’tkazishda fidoiylik, mas'uliyat va ziyraklik bilan yondoshish zarurligiga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.        


Manzil: 100003, Toshkent shahri, O’zbekiston shoh ko’chasi 49 uy
Telefon: (0 371) 239-01-49, Faks: (0 371) 239-41-23
Elektron pochta manzili: tdiu@tdiu.uz
Sayt xaritasi | Ro'yxatdan o'tish | Kirish
© 2012 - 2017 TDIU. Axborot Texnologiyalari Markazi