Русский | English 
    Bosh sahifa  Elektron pochta 


TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

     

Tabiat chiroy ochib borayotgan ilk bahor kunlarida mehribon onalarimiz, dilbar opa-singillarimizga chuqur hurmat-ehtirom ko‘rsatilishi, ularning latofati va oqilaligi, sadoqati hamda matonati madh etilishi bejiz emas. Chunki hayot falsafasi, ma'no-mazmuni va go‘zalligi, eng avvalo, barchamizni dunyoga keltirgan Ona siymosida, ayol timsolida namoyon bo‘ladi. Yasharish hamda yangilanish faslining ayollar bilan uzviyligi, uyg‘unligi ham ana shunda.

Shu ma'noda aytganda, mustaqillik yillarida xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini ta'minlash, siyosiy faolligini oshirish, kasbiy, jismoniy, ma'naviy hamda intellektual salohiyatini yuksaltirish, turmush darajasini yaxshilash, og‘irini yengil qilish, oila va jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ilg‘or g‘oya hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom oilani shakllantirish davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvda so‘zlagan nutqida ham alohida ta'kidlab: “Bugungi kunda O‘zbekiston xotin-qizlari hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida o‘zlarini to‘la namoyon etib kelmoqda.

Sizlar davlat va boshqaruv idoralari, vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik va fermerlik tarmoqlarida, ijtimoiy sohalarda samarali mehnat qilib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqdasiz”.
Bugun ushbu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlar samarasini “Ayol baxtli bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam”, degan hayotiy qarash ongu shuurumizga chuqur kirib borayotgani misolida ko‘rish mumkin. Zero, o‘zining mehribonligi va qalb sahovati bilan oilaga fayzu baraka keltiradigan, farzandlarimiz qalbiga ona-Vatanga sadoqat tuyg‘usini singdiradigan opa-singillarimiz yuksak e'zozga sazovordir.
Buxgalteriya hisobi va audit fakultetining Moliya va soliqlar kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan 2-sonli talabalar turar joyida Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatrining O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlari Ma'suda Otajonova, Muhabbat Sotvoldieva, Umid Shodmonov ishtirokida “Qizlar davrasi” o‘tkazildi.

  

Davra suhbatini universitetimiz professori A. Mutalov ochar ekan, hozirgi kunda ayol nafaqat uy bekasi, oqilona ona, shu bilan birga, uddaburon va tashabbuskor, tadbirkor, iqtidorli rahbar hamdir deya ta'kidladi. Albatta, bu yurtimizda xotin-qizlarning biznes bilan shug‘ullanishlariga zarur tashkiliy, huquqiy shart-sharoitlar yaratilgani, pirovardida ular o‘rtasida ishbilarmonlikka bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib borayotgani samarasidir. 

U o‘z so‘zini davom ettirib, mamlakatimiz xotin-qizlarining eng faol qismi bo‘lgan va uchrashuvda ishtirok etayotgan professor-o‘qituvchi ayollarni, talaba-qizlarni kirib kelayotgan birinchi bahor bayrami 8 mart bilan tabrikladi va davrani olib borish uchun so‘zni Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatri aktyori Umid Shodmonovga berdi. 

U. Shodmonov davrada qatnashayotgan talaba-qizlar va professor-o‘qituvchilarni bayram bilan tabriklab, xotin-qizlarni madh etuvchi go‘zal she'rlarni o‘qib berdi. Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatrida turli mavzular: diniy ekstremistik, odam savdosi kabi spektakllarda o‘ynagan rollariga to‘xtalib o‘tdi.

M. Otajonova davrada ishtirok etayotganlarni tabriklab, davrani yanada qiziqarli va mazmunli o‘tishi uchun ayollarning ko‘nglini ko‘tarayotgan spektakllardan parchalar va ariyalar aytib berdi. Bayramona kayfiyatni davom ettirish uchun so‘z navbati O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist M. Sotvoldievaga berilib, davra suhbati yanada ko‘tarinki ruhda davom etdi.

M.Sotvoldieva teatrdagi qiziqarli voqyealarni eslab, spektakllardan parchalar o‘qib davraga ko‘tarinki kayfiyat qo‘shdi. Shundan so‘ng, U. Shodmonov talaba-qizlarni savol-javobga jalb qildi. Talaba-qizlar aktrisalardan o‘zlari yaxshi ko‘rib ijro etgan rollaridan parchalar o‘qib berishlarini, kelajakda o‘ynamoqchi bo‘lgan rollariga to‘xtalib o‘tishlarini so‘rashdi.

Shu bilan birga, Moliya va soliqlar kafedrasi dotsenti Ch. Qulmatov so‘zga chiqib, ayol nafaqat uyda mehribon ona, turmush o‘rtoqlarini suyukli yori, jamiyatda erkaklar bilan yelkama-yelka turib xizmat ko‘rsatayotgan ilm-fan egalaridir, deya ta'kidladi.

Tadbir yakunida davra suhbati tashkilotchisi Moliya va soliqlar kafedrasi dotsenti D.Mutalova so‘z olar ekan davrani qiziqarli, mazmunli va xushchaqchaq o‘tishiga hissa qo‘shganlari uchun kelgan Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatri aktyor va aktrisalariga minnatdorchilik bildirib, kafedra mudiri Sh. Ilhomovning tabriknomasi va sovg‘alarini mehmonlar, talaba-qizlarga taqdim etdi.

Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti dekani Mansur Eshov ishtirokchi xotin-qizlarni bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchaga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, kelajakda qizlarimiz mehribon ona, vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan mutaxassis bo‘lib yetishishilarni tiladi.

Создано Qo‘shbaqov Aybek Shovqiyevich

Manzil: 100003, Toshkent shahri, O’zbekiston shoh ko’chasi 49 uy
Telefon: (0 371) 239-01-49, Faks: (0 371) 239-41-23
Elektron pochta manzili: tdiu@tdiu.uz
Sayt xaritasi | Ro'yxatdan o'tish | Kirish
© 2012 - 2017 TDIU. Axborot Texnologiyalari Markazi