Русский | English 
    Bosh sahifa  Elektron pochta 


TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

     

Universitetimizda 24 mart – Butunjahon sil kasalligiga qarshi kurash kuni munosabati bilan Salomatlik va tibbiy statistika institutining uslubiyotchi shifokorlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirni Ma'naviyat va ma'rifat, iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ravshan Najmiddinov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda ham jismonan, ham ruhan sog‘lom avlodni tarbiyalash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Salomatlik va tibbiy statistika institutining uslubiyotchi shifokori Malik Utashev “Sil kasalligi va uni oldini olish, asoratlari, yuqish yo‘llari” mavzusidagi ma'ruza bilan so‘zga chiqdi. Aytib o‘tilganidek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 10 milliondan ortiq odam sil kasalligidan aziyat chekadi. Sil kasalligining oldini olish imkoni hamda davosi bor bo‘lsa-da, har yili 2 millionga yaqin odam ushbu kasallik tufayli olamdan o‘tadi. Ushbu kasallikning oldini olish hamda davolash haqida aholi o‘rtasida yetarli ma'lumot yo‘qligi sil kasalligining tarqalib ketishini asosiy sababidan biriga aylanmoqda.

Elektron taqdimot shaklida o‘tkazilgan ma'ruzada mavzuga doir batafsil ma'lumotlar berib o‘tildi. Jumladan sil (tuberkulyoz) – sil mikobakteryalari qo‘zg‘atadigan xavfli va yuqumli kasallik bo‘lib, noto‘g‘ri davolanganda uzoq vaqt ishga layoqatsizlik, nogironlik va hatto o‘limga olib kelishi mumkin. Sil mikobakterial tayoqchalari organizmga asosan nafas yo‘llari orqali kirgani uchun kasallik odatda o‘pkaga salbiy ta'sir qiladi. Bemor yo‘talganda, aksirganda, gapirganda yoki tupurganda kasallik havo orqali tarqaladi.

Agar o‘pka siliga chalingan bemor o‘z vaqtida davolanmasa, aksariyat o‘pkaning yuqori bo‘laklarida mayda o‘choqchalar paydo bo‘lib, ba'zan butun o‘pkaga tarqalari va o‘pkaning bir qismi iriydi. O‘pka silidan tashqari suyak, bo‘g‘im, limfa tugunlari, hiqildoq, buyrak, ichak, teri sili ham uchraydi.

  

Sil kasalligi o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolansa, bemor butkul tuzalib ketadi. Silning belgilariga uch haftadan ortiq yo‘talishb, yiringli yo‘tal, ba'zida qon aralash yiring, ishtahaning yo‘qolishi, vaznning kamayishi, umumiy holsizlik, charchoq, ko‘p terlash, ayniqsa kechalari, vaqti-vaqti bilan paydo bo‘luvchi isitma kabi holatlar kiradi.

Deyarli barcha yangi aniqlangan sil kasalligi chalingan bemorlarni silga qarshi dorilar bilan davolash mumkin. Davolash kursi 6-9 oygacha bo‘lib, bu kursni ambulatoriya sharoitida ham yakuniga yetkazsa bo‘ladi. Davolash kursi boshlagandan 2-3 haftadan so‘ng bemor o‘zini yaxshi his qila boshlaydi, lekin to‘la sog‘ayib ketish uchun u davolash kursini yakuniga yetkazishi lozim. Agar bemor dorilarni ichmay qo‘ysa, yoki orada kursni to‘xtatsa, sil kasalligi yana qaytalanishi va bu safar davolash jarayoni qiyinroq bo‘lishi mumkin.

Talabalar tomonidan bemor sog‘ayib ketganini qanday bilishi mumkin, deya berilgan savolga ma'ruzachi quyidagicha javob berdi:

— Bemorning salomatligi holatini tekshirish uchun davolanish kursi boshlangandan 2 oydan so‘ng, uning balg‘ami tekshiriladi, undan so‘ng olti oylik davolanish kursi yakunida yana bir bor shu usuldan foydalangan holda uning sog‘ayish darajasi baholanadi.

Bemorning oxirgi topshirgan balg‘amda faol sil tayoqchasining hyech qanday belgisi topilmasa, u butunlay sog‘ayib ketgan bo‘ladi.

Tadbir davomida Salomatlik va tibbiy statistika institutining uslubiyotchi shifokori B. Zokirov “Sog‘lom ovqatlanish” mavzusida ma'ruza qildi. U o‘z so‘zida sog‘lom ovqatlanish – salomatlikning muhim omili ekanligini aytib, bu borada kundalik hayotda ahamiyat qaratish zarur bo‘lgan holatlar haqida batafsil ma'lumot berib o‘tdi.

Xususan, oqilona ovqatlanish – kishi organizmining to‘g‘ri o‘sishi va rivojlanishini, mustahkam sog‘lig‘ini, uzoq umr ko‘rishi hamda samarali mehnat qilish qobiliyatini ta'minlovchi bosh omil ekanligini ta'kidladi.

Tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino ming yillar ilgari to‘g‘ri ovqatlanish va uning ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib: “Kimki sog‘lom turmush tarziga erishmoqchi bo‘lsa, o‘z sog‘lig‘ini saqlamoqchi va mustahkamlamoqchi bo‘lsa, ovqatlanish tartibiga, iste'mol qilinayotgan ovqatning sifatiga, miqdoriga, ovqatni iste'mol qilish vaqti va uning hazm bo‘lish jarayoniga asosiy e'tiborini qaratmog‘i lozim” deb ta'kidlagan edi.

Odatda ko‘plab kasalliklar noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida yuzaga keladi. Ular quyidagi holatlarda namoyon bo‘ladi:

Ovqatga to‘ymaslik – bu jarayon uzoq muddatga davom etsa, odam ozib ketadi, immuniteti pasayadi, kasalliklar yuzaga keladi va o‘lim holati tezlik bilan rivojlanadi.

Ovqatlanishda biron – bir oziq moddasining nisbatan yoki mutloq yetishmasligi natijasida yuzaga keladi. Masalan yod, temir yoki qaysidir bir vitaminlar va hakazo.

Nosog‘lom ovqatlanish – bu organizmga zarur bo‘lgan moddalarning o‘zaro nisbatiga rioya qilmaslik natijasida yuzaga keladi.

Tadbir so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan soha mutaxassislariga murojaat qildilar va keraklik tavsiyalar, ko‘rsatmalar oldilar.

 

Создано Qo‘shbaqov Aybek Shovqiyevich

Manzil: 100003, Toshkent shahri, O’zbekiston shoh ko’chasi 49 uy
Telefon: (0 371) 239-01-49, Faks: (0 371) 239-41-23
Elektron pochta manzili: tdiu@tdiu.uz
Sayt xaritasi | Ro'yxatdan o'tish | Kirish
© 2012 - 2017 TDIU. Axborot Texnologiyalari Markazi