Русский | English 
    Bosh sahifa  Elektron pochta 


TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

     

Mamlakatimizda e'lon qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” munosabati bilan ta'lim dargohimizda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va ota-onalar ishtirokida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘tkazilgan uchrashuvlarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida ilgari surilgan ustuvor masalalar ijrosini ta'minlashga qaratilgan vazifalar keng muhokama qilindi.

Ustoz murabbiylar bilan uchrashuv

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuvda yosh avlod tarbiyasi, ularga tahsil berishda erishilgan yutuqlar, mavjud kamchiliklar va galdagi vazifalar borasida atroflicha so‘z yuritildi.

Aytib o‘tilganidek, ta'lim va tarbiya berish ortga surib bo‘lmas, doimiy e'tibor markazida turuvchi masaladir. Bugungi yangicha fikrlaydigan yoshlarni zamon talablari darajasida kamol toptirish har bir pedagog xodimdan doimiy izlanishda bo‘lishni talab qiladi. Shu bois, bugungi pedagog o‘tilayotgan darsga doir eng so‘nggi ma'lumotlarni bilishi, zamonaviy pedtexnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalana olishi, bir nechta xorijiy tillarni o‘zlashtirgan bo‘lishi lozim.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ana shu masalalar, mavjud muammolarni hal etishning aniq chora-tadbirlari xususida fikr almashildi.

Yoshlar bilan jonli muloqot

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiev va talaba-yoshlar uchrashuvi jonli muloqot shaklida o‘tib, talabalar o‘zlari duch kelayotgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan takliflar bildirdilar.

Aytish joizki, zamonaviy ilmlarni mukammal o‘rganish, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish bugungi yoshlar o‘z oldiga qo‘yayotgan oliy maqsadlardan biridir. Yoshlarning bu intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida universitetda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Korporativ boshqaruv fakultetida «Smart classroom» va «Innovatsion bank» kabi zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan o‘quv auditoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro turizm fakultetida tahsil olayotgan talabalar yurtimizning qadimiy obidalari maketlari qad rostlagan «Ochiq osmon ostidagi muzey», mehmonxona xo‘jaligini o‘rganish va uni amaliyotda ko‘rish maqsadida tashkil etilgan o‘quv auditoriyasi orqali o‘z bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. Bundan tashqari pedagog xodimlar va talaba-yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha auditoriyalar innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan. Bularning barchasi yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan chambarchas bog‘liq holda olib borish, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga xizmat qilmoqda.

Talabalar bu kabi qulayliklardan samarali foydalanish borasida o‘z fikrlarini bayon qilib, davlatimizning bunday yuksak e'tiboriga javoban bugungi tinch, osuda va farovon hayotimizning munosib egalari bo‘lib voyaga yetishga vada berdilar.

Yoshlar tarbiyasida hamjihat bo‘laylik

Ota-onalar bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan alohida e'tibor qaratilgan masala — hozirgi vaqtda yoshlar tarbiyasi biz uchun o‘z dolzarbligi va ahamiyatini hyech qachon yo‘qotmaydigan masala ekanligi aytib o‘tildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, “Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. G‘arazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda.

Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim.

Buning uchun yoshlarimiz bilan ko‘proq gaplashish, ularning qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolarini yechish uchun amaliy ko‘mak berishimiz kerak. Bu borada uyushmagan yoshlar bilan ishlashga alohida e'tibor qaratishimiz zarur.”

Uchrashuvda ushbu masala yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirib o‘tildi. Hamkorlikda olib boriladigan ishlar ko‘lami va ularni og‘ishmay bajarish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Ta'kidlanganidek, universitetda Ta'lim-tarbiya maslahatchilari maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular tomonidan har bir talaba bilan personal tarzda ish olib borilmoqda. Yoshlarning qiziqishlari, xulq-odobi, intilishlari, yon-atrofdagilar bilan muloqoti ta'lim-tarbiya maslahatchilarining doimiy e'tiborida. Ular tomonidan talabalarning ota-onalari, mahalla faollari bilan doimiy hamkorlik o‘rnatilgan.

Uchrashuvlar so‘ngida universitet rahbariyati tomonidan ota-onalar yoshlar tarbiyasi, ta'lim olishi, ularni takomillashtirish borasidagi takliflar, ta'lim olishdagi nuqsonlar, tamagirlik holatlari va boshqa masalalar bilan Internetdagi www.rector.tdiu.uz manzilda joylashgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektorining virtual qabulxonasiga murojaat bevosita qilishlari mumkinligi aytib o‘tildi.

Muallif: 24.12.2016 Qo‘shbaqov Aybek Shovqiyevich

Manzil: 100003, Toshkent shahri, O’zbekiston shoh ko’chasi 49 uy
Telefon: (0 371) 239-01-49, Faks: (0 371) 239-41-23
Elektron pochta manzili: tdiu@tdiu.uz
Sayt xaritasi | Ro'yxatdan o'tish | Kirish
© 2012 - 2017 TDIU. Axborot Texnologiyalari Markazi