Русский | English 
    Bosh sahifa  Elektron pochta 


TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

     

2015-yil 26-may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati rivojlanishida milliy mentalitetning o‘rni va roli” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. “Keksalarni e'zozlash yili”ga bag‘ishlangan anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Narimon Umarov, universitet rektori Mahmudjon Boltaboev, Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali va boshqalar mustaqillik yillarida milliy mentalitet rivojining ijtimoiy-iqtisodiy asoslari yangicha qarashlar bilan boyib borayotganligini e'tirof etdilar. Mamlakatimizda keksa avlod vakillari e'zoz topayotgani hamda ularga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan hurmat-e'tibor — milliy mentalitetimizning oliy qadriyati ekanligi ta'kilab o‘tildi.

Aytib o‘tilganidek, bugungi kunda milliy ma'naviyatimizni yuksaltirish, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, uning mazmun-mohiyatini yosh avlod ongu shuuriga singdirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Mustaqillik yillarida xalqimizga xos bo‘lgan milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirilayotganligi ta'kidlandi.

Konferensiya ishida mustaqillik yillarida o‘zbek xalqi milliy mentaliteti o‘zgarishining falsafiy, siyosiy, ma'naviy va ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini o‘rganish yuzasidan amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar, bu yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritildi. Demokratlashuv sharoitida O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari rivoji va milliy mentalitetdagi o‘zgarishlarning zamonaviy masalalari, yo‘nalishlarda olib borilayotgan tadqiqot ishlari muhokama etildi.

Anjuman davomida ishtirokchilar tomonidan “Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini yanada takomillashtirishda milliy qadriyatlarimizning o‘rni”, “Mentalitet va milliy o‘zlikni anglash”, “Siyosiy mentalitet shakllanishiga oid ba'zi mulohazalar”, “Milliy mentalitetni o‘rganishda jahon ijtimoiy fanlari tajribasi”, “Milliy mentalitetda ijtimoiy-madaniy bog‘liqlik darajasi” kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi va muhokama qilindi. Shuningdek, globallashuv jarayonida oilaviy munosabatlar rivoji, milliy mentalitet masalasining OAVda yoritilishi, milliy mentalitetni o‘rganishning jahon tajribasi kabi masalalar yuzasidan fikrlar almashildi.

Tadbir nihoyasida bunday ilmiy-amaliy konferensiyalarni an'anaviy tarzda tashkil qilish maqsadli ekanligi ta'kidlandi. Konferensiya ishi doirasida yosh olimlar “Eng mazmunli ma'ruza”, “Notiqlik mahorati”, “Eng yaxshi taqdimot” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandilar.

Anjuman ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Adolat” SDP faollari, yetakchi olim va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar. 

Muallif: 26.05.2015 Qo‘shbaqov Aybek Shovqiyevich

Manzil: 100003, Toshkent shahri, O’zbekiston shoh ko’chasi 49 uy
Telefon: (0 371) 239-01-49, Faks: (0 371) 239-41-23
Elektron pochta manzili: tdiu@tdiu.uz
Sayt xaritasi | Ro'yxatdan o'tish | Kirish
© 2012 - 2017 TDIU. Axborot Texnologiyalari Markazi